BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari O‘zbekistonning meva-sabzavot ishlab chiqarish sektorida ekologik ta’sirni LCA (Life Cycle Assessment — hayotiy siklni baholash) metodologiyasi asosida kompleks tahlil qildilar. Tadqiqot ochiq maydondagi yetishtirish, ko‘p yillik plantatsiyalar va issiqxona ishlab chiqarishini qamrab olib, suv sarfi, uglerod chiqindilari hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni aniqladi, deb xabar beradi EastFruit.
Tadqiqot ISO 14040:2006 va ISO 14044:2006 xalqaro standartlariga muvofiq o‘tkazildi. Ushbu standartlar mahsulot yoki ishlab chiqarish tizimining butun hayotiy sikli davomida atrof-muhitga ta’sirini baholash metodologiyasini belgilaydi. Mazkur metodologiyaga amal qilish natijalar tizimli, ilmiy asoslangan, to‘liq va taqqoslanadigan bo‘lishini ta’minlaydi.
Loyiha meva-sabzavot ishlab chiqarishning uchta asosiy tizimini qamrab oldi. Ularning har biri atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan o‘ziga xos omillar hamda ushbu ta’sirni kamaytirish imkoniyatlari bilan tavsiflanadi.
Ochiq maydonda yetishtirish (kartoshka, sabzavotlar, poliz ekinlari va rezavorlar).
Ushbu tizimda asosiy ekologik bosim omillari suvdan samarasiz foydalanish (ariq usulidagi sug‘orish) hamda o‘g‘itlarning yuvilishi natijasida suv havzalarining evtrofikatsiyasi hisoblanadi.
Muammoni hal etishning eng samarali chorasi — tomchilatib sug‘orish va fertigasiyani joriy etish bo‘lib, bu suv va evtrofikatsiya izini 60% gacha, uglerod izini esa 40% gacha kamaytirish imkonini beradi.
Ko‘p yillik plantatsiyalar (bog‘dorchilik va uzumchilik).
Ushbu tizim ikki tomonlama xususiyatga ega: bir tomondan, bog‘lar va uzumzorlar CO₂ ni yutuvchi tabiiy “uglerod banki” sifatida xizmat qiladi, ikkinchi tomondan esa katta hajmda suv resurslarini talab qiladi.
Yer osti tomchilatib sug‘orish va fertigasiyani joriy etish bu muvozanatni ta’minlashga yordam beradi. Mazkur texnologiya uglerod sekvestratsiyasini kuchaytiradi hamda suv iste’molini 60–70% ga kamaytiradi. Bundan tashqari, azot va fosfor bilan suv havzalarining ifloslanish xavfini 3–4 baravar kamaytiradi.
Himoyalangan tuproqda yetishtirish (issiqxonalar).
Issiqxona ishlab chiqarishida ekologik izning asosiy omili — isitish uchun ishlatiladigan energiya manbalari. Ko‘mir bilan isitiladigan issiqxonalarning uglerod izi tabiiy gazdan foydalanadigan issiqxonalarga nisbatan 50% dan ortiq yuqori.
Bozorning texnologik jihatdan hali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga tayyor emasligi sababli, ko‘mirdan tabiiy gazga o‘tish o‘rta muddatli istiqbolda uglerod yuklamasini sezilarli darajada kamaytirishning eng real chorasidir.
Tadqiqot doirasida O‘zbekistonning asosiy meva-sabzavot ekinlari uchun turli yetishtirish tizimlarida ekologik izning qiyosiy miqdoriy bahosi ham amalga oshirildi. Bu esa iqlim va suv resurslariga ta’sirni maksimal darajada kamaytirishga yordam beradigan ustuvor texnologiyalar va boshqaruv yechimlarini aniqlash imkonini berdi.
Ушбу сайтдаги мақолаларни бошқа манбаларда чоп этиш ва улардан бошқа шаклларда фойдаланишга фақат мазкур материалга тўғридан-тўғри ва қидирув тизимлари учун очиқ бўлган гиперҳавола берилсагина рухсат этилади.
Facebook ва Telegram да мева-сабзавот бозорининг асосий янгиликлари ва таҳлиллар – Обуна бўлинг!



